Buyuk bobokalonlarimizdan biri Mirzo Muhammad ibn Shohrux ibn Temur Ulugʼbek Qoʼragʼoniy — buyuk alloma, astronom, matematik va davlat arbobi sifatida tarix zarvaraqlaridan abadiy joy olgan. Uning noyob ilmiy merosi jahon ilm-fani rivojida ulkan ahamiyatga ega. Аyniqsa falakiyot sohasidagi ilmiy izlanishlari bugungi zamonaviy astronomiya tizimining shakllanishida muhim oʼrin tutadi.
Аlloma ilmiy maktabining shakllanishi Sharq Uygʼonish davrining yuksak bosqichiga toʼgʼri kelgan. U bobosi Amir Temur barpo etgan maʼrifat muhitdan ilhomlanib, Samarqandda noyob ilmiy markazni yaratdi. 1428 yilda qurilgan rasadxona oʼz davrining eng yirik ilmiy muassasasi boʼlib, unda yulduzlar joylashuvi, harakatlari, sayyoralar joylashuvi va boshqa falakiyot hodisalari chuqur oʼrganilgan.
Mirzo Ulugʼbek boshchiligida tuzilgan “Zij-i Ulugʼbek” yulduzlar katalogi astronomiya tarixida katta burilish yasadi. Unda 1018 ta yulduzning aniq joylashuvi keltirilgan boʼlib, bu maʼlumotlar keyingi bir necha asr davomida Gʼarb va Sharq olimlari uchun asosiy manba boʼlib xizmat qildi.
Ulugʼbek ilm-fanda kuzatuv va aniqlikni ustuvor, deb bilgan. Uning yondashuvi bugungi ilmiy metodologiyaning asosiga juda yaqin boʼlib, u eksperimental ilm-fanga asos solgan ilk allomalardan biri hisoblanadi.
Аlloma Samarqandda madrasa ochib, bu yerda matematika, astronomiya, mantiq va falsafa fanlaridan chuqur darslar bergan. U oʼz davrining yetuk olimlarini, xususan Qozizoda Rumiy, Gʼiyosiddin Jamshid va Ali Qushchini tarbiyalagan. Bu madrasa ilmiy salohiyatli kadrlar tayyorlashda muhim oʼrin egallagan.
Samarqanddagi rasadxona, qurilishi, asbob-uskunalari va unda olib borilgan ilmiy ishlari bilan dunyodagi ilk mukammal observatoriyalar sirasiga kiradi. Unda foydalanilgan “kvadrant” asbobi hozirgi zamon teleskoplari uchun asosiy mexanizmlarning birinchi koʼrinishlaridan biridir.
Bugungi kunda Mirzo Ulugʼbekning ilmiy merosi butun dunyoda oʼrganiladi. Jumladan mamlakatimizdagi bir qancha ilmiy va taʼlim muassasalari, jumladan, Oʼzbekiston Milliy universiteti, astronomiya instituti va rasadxona uning nomi bilan atalgan. Asarlari ilmiy anjumanlar, darsliklar, ilmiy tadqiqotlarda keng qoʼllaniladi.
Xulosa qilib aytganda, Mirzo Ulugʼbekning ilmiy merosi bugungi kundagi fan va taʼlim uchun ham bebaho manba hisoblanadi. Uning aniqlikka asoslangan yondashuvi, ilmiy tafakkurga boʼlgan hurmati, yosh avlodni ilm-fanga jalb etishdagi saʼy-harakatlari zamonaviy taʼlim tizimi va ilm-fan rivoji uchun oʼrnak boʼlib xizmat qilmoqda.
Obid Saydaev,
Jizzax davlat pedagogika universiteti,
Fizika va uni oʼqitish metodikasi kafedrasi oʼqituvchisi