Hech kimga sir emaski, hayotimizda har doim qarama-qarshi turadigan tushunchalar juda koʼp. Misol sifatida internet va kitobni olsak. Internet tarmogʼi hayotimizning ajralmas va muhim qismiga aylanib qolgan. Bugun bu vosita sabab uyda oʼtirib ham dunyo yangiliklaridan xabardor boʼlish, uzoq masofadagi yaqinlarimizdan hol-ahvol soʼrash imkoniyatga egamiz. Bosma kitolar oʼrnini ham elektron kitoblar egallayapti, desak, mubolagʼa boʼlmaydi. Аmmo…
Darhaqiqat internetdan foydalanish insonlar hayotini birmuncha yengillashtirdi. Hatto Internet orqali odamlar yangi bilimlarni oʼzlashtirib, hunarlarni oʼrganishmoqdalar. Shuningdek ijtimoiy tarmoqlar orqali maxsus dasturlar yordamida oʼz bizneslarini uydan turib boshqarayotgan fuqarolarni ham uchratishimiz mumkin.
Biroq guruch kurmaksiz boʼlmagani kabi, oramizda internetdan uzluksiz va bemaqsad foydalanib, turli elektron oʼyinlarga qaram boʼlib qolayotgan yoshlar ham uchramoqda. Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan zararli axborotlar taʼsiriga tushib, hatto manqurtlashib qolayotgan tengdoshlarimiz toʼgʼrisidagi xabarlar kishini oʼylantirib qoʼyadi.
Bu kabi illatlarning davosini qadim yunon faylasuflari ilgari surgan gʼoyadan topishimiz mumkin, yaʼni "ahmoqlikning davosi kitob".
Shuningdek, virtual olamdagi elektron darslik, elektron lugʼat, turli video yoki audio materiallar bilan bosma shakldagi darslik yoki kitoblar oʼrnini toʼldirib boʼlmaydi. Turmush hayotimizda odob, ilm, madaniyat tushunchalarini kitobdan topish mumkin. Dono xalqimiz bejiz, "kitob bilim manbai", demagan-ku.
Mening fikrimcha, "shakarning ozi shirin", deganlaridek ijtimoiy tarmoqdan ham meʼyorida va maqsadli, qachonki kitob topish muammo boʼlganda elektron kitoblardan foydalanish maqsadga muvofiq boʼladi.
Xulosa qilib aytadigan boʼlsak, har qanday ilmsizlikdan, tor dunyoqarashdan iborat fikrlash kabi illatlardan qutilishning chorasi kitoblarda yashiringan. Shuningdek, xalqimiz orasida kitobxonlikni keng yoyish, yoshlarni ilmlar xazinasidan bahramand etishga daʼvat etish borasida bir tan-u, bir jon boʼlib harakat qilish har birimizning burchimizdir.
Nozima Shodiboeva,
Sharof Rashidov tumani,
9-umumtaʼlim maktabining 9-sinf oʼquvchisi.